Indoneziyada davlat to‘ntarishi tayyorlashda gumon qilinayotgan sakkiz kishi qo‘lga olindi. Bu haqda, Reuters’ga asoslanib, “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Bundan tashqari, yana ikki kishi diniy nafrat qo‘zg‘atish aybi bilan hibsga olindi.
Ushlanganlar orasida — mamlakat prezidentining singlisi Rachmavati Sukarnoputri, rok ijrochisi Ahmad Dxani, iste’fodagi general Kivlan Zen bor.
Ta’kidlanishicha, fitnachilar bugun, 2-dekabr kuni mamlakat poytaxti Jakartada bo‘lib o‘tayotgan ommaviy norozilik namoyishlaridan foydalanmoqchi bo‘lgan. Politsiya versiyasiga ko‘ra, ular xalq oldida chiqish qilib, olomonni parlamentni qamal qilishga chaqirishi lozim edi.
Jakarta ko‘chalariga Yava oroli vakillari bo‘lmish 150 ming nafar musulmon chiqdi. Ular shahar gubernatori — xristian Basuka Chaxay Purnamani Qur’onni haqorat qilishda ayblamoqda. Purnamaning o‘zi esa saylovoldi kampaniyasida Qur’ondan foydalangan raqiblarini tanqid ostiga olgani ta’kidlamoqda.
Jakarta gubernatori saylovi 2017-yil fevralida bo‘lib o‘tadi.
Bundan oldinroq bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyalari chog‘ida to‘qqiz nafar IShID tarafdori qo‘lga olingan edi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)