Taniqli ispaniyalik biznesmen, Meksikada va Pireney yarim orolida tijorat bilan shug‘ullanib kelgan va 31-avgust kuni 98 yoshida olamdan o‘tgan Antonio Fernandes ona qishlog‘i — Seresales-del-Kondadoda istiqomat qiluvchi odamlarni millionerlarga aylantirdi. Bu haqda, The Daily Telegraph nashriga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
O‘z vasiyatida u 169 million funt sterling (209 million dollar yoki 198 million yevro) miqdoridagi summani Leon provinsiyasidagi kichik qishloqda doimiy yashovchi 80 kishi orasida taqsimlashga ko‘rsatma berdi. Shu tariqa, Serelalesning har bir fuqarosi 2 million funt sterlingdan ko‘proq pulga ega bo‘ldi.
“Antoniosiz nima qilar edik, bilmayman. Bizda bir peseta ham bo‘lmasligiga o‘rganib qolganmiz”, — deb izoh berdi yangilikka qishloqdagi yagona yemakxona xo‘jayini Maksimino Sanches.
Fernandes Seresalesda tug‘ilib o‘sdi. U bir umr puldan qiynalib yashagan katta oiladagi 13 farzanddan biri edi. Fernandes 14 yoshida maktabni tashlab, ishlashga majbur bo‘lgan edi.
1949-yilda 32 yoshli Antonio Meksikaga ko‘chib o‘tib, Grupo Modelo pivo zavodiga ishga kirdi. 1971-yilga kelib u kompaniyaning ijrochi rahbari lavozimini egalladi. Aynan ushbu kompaniya ishlab chiqaruvchi Corona pivosi xalqaro brendga aylanib, kompaniya daromadlarini yangi bosqichga ko‘tardi. Fernandes 2005-yilda kompaniya boshqaruvi raisi lavozimini jiyaniga topshirdi.
Izoh (0)