Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi 23-noyabr kuni O‘zbekiston magistral tarmoqlari nimstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihasini 150 million AQSh dollari miqdorida moliyalashtirishni tasdiqladi. Bu haqda Jahon banki matbuot xizmati xabar berdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Loyiha Toshkent va O‘zbekistonning 10 viloyatidagi 22 ta muhim nimstansiyani rekonstruksiya qilish yo‘li bilan energetika sektori samaradorligining oshishi, shuningdek, foydalanishga topshirish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishdagi texnik yo‘qotishlar hamda xarajatlarning kamayishiga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida 110 kilovolt/o‘rtacha kuchlanishdagi mobil nimstansiyalar va elektr uzatish magistral tarmoqlaridagi uzilishlarni tezkor bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan avariyaviy tiklash tizimlarini xarid qilish ko‘zda tutilmoqda. Yangi texnologiyalar milliy energiya tizimi barqarorligini oshirishga imkon tug‘diradi.
Elektr energiyasi samaradorligini oshirish va yo‘qotishlar darajasini qisqartirish evaziga O‘zbekistondagi 6 milliondan ziyod oilaning yillik energiya iste’moliga teng hajmdagi issiqxona gazlari chiqarilishini kamaytirishga zamin yaratiladi.
«O‘zbekenergo» kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladigan loyiha Xalqaro rekonstruksiya va taraqqiyot bankining 92 million dollar, Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining 58 million dollar miqdoridagi mablag‘lari evaziga moliyalashtiriladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)