AQShda 19 yoshli Gektor Freyr mashinada tezlikni 334 kilometr/soatga oshirgani uchun qo‘lga olindi, deb yozdi “Motor” nashri Oklahoma City Press’ga tayanib.
Voqea Oklaxoma-Sitidagi Kilpatrik Ternpayk trassasida 14-noyabr kuni sodir bo‘lgan. Politsiya 2011-yil ishlab chiqarilgan Ford Mustang sportkarini 135 kilometr/soat tezlikda aniqlagan va uni to‘xtatishga uringan. Haydovchi esa voqea joyidan qochishga urinib, mashinaning tezligini 283 kilometr/soatga qadar oshirgan.
“Qandaydir vaqt davomida Ford Mustang 334 kilometr/soat tezlikka qadar yurdi. U bizdan yashirinishga harakat qildi. Ko‘zga tashlanmaslik uchun mashina faralarini ham o‘chirib oldi”, — deb hikoya qildi Oklaxoma yo‘l-patrul xizmati kapitani Pol Timmons.
Yakunda Freyr avtoturargohda qo‘lga olindi. Unga mashinani xavfli boshqarish va buyruqqa bo‘ysunmaslik ayblovlari qo‘yilgan.
Yigitning aynan qanday Mustang’da bo‘lganiga oydinlik kiritilmagan. Taxminlarga ko‘ra, Freyr qayta modernizatsiya qilingan avtokarni boshqargan. Chunki 2011-yildan sotuvga chiqqan Ford Mustang Shelby GT500 avtomobilining maksimal tezligi 305 kilometr/soatni tashkil qiladi.
Izoh (0)