Farg‘ona viloyati oftalmologiya shifoxonasida Koreya Respublikasining Vision Care Service xalqaro tashkiloti oftalmolog-shifokorlari aholini tibbiy tekshiruvdan o‘tkazmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi sohaga oid davlat dasturlari ijrosini ta’minlash, bemor va nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish maqsadida xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Germaniyaning Friedensdorf International xalqaro tashkiloti, Koreya Respublikasining Save the Children xalqaro fondi va boshqa muassasalar bilan o‘rnatilgan hamkorlik natijasida tug‘ma yurak nuqsoni, qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari, teri kuyishi asoratlari va boshqa xastaliklar bilan og‘rigan bir guruh bolalar bepul sog‘lomlashtirildi.
O‘tgan yili mazkur shifoxonada koreyalik shifokorlar Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari aholisini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan edi. Ko‘rik davomida 100 dan ortiq bemordagi katarakta bartaraf etildi va ko‘z gavhari sun’iysiga almashtirildi.
Bu yilgi aksiyada ham ushbu viloyatlardan kelgan bemorlar Janubiy Koreyaning malakali shifokorlari ko‘rigidan o‘tkazilmoqda. Aniqlangan kasalliklar jarrohlik amaliyoti bilan bartaraf etilmoqda.
Farg‘ona viloyati oftalmologiya shifoxonasidagi sharoitlar, zamonaviy asbob-uskunalar tibbiy ko‘rikning samarali o‘tishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Janubiy Koreyadan kelgan malakali shifokorlar tomonidan o‘tkazilayotgan jarrohlik amaliyotlari viloyat shifokorlarining tajriba va mahoratini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Izoh (0)