Janubiy Koreya sudi mamlakat prezidenti Pak Kin Xening dugonasi ishtirokidagi mojaro tufayli uning ikki nafar sobiq maslahatchisini hibsga olishga buyruq berdi. Bu haqda, Reuters’ga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Xabarda qayd etilishicha, prezidentning sobiq katta maslahatchisi vakolatini suiiste’mol qilish va tovlamachilikda ayblanmoqda. Yana bir maslahatchi maxfiy ma’lumotni fosh etishda gumonlanmoqda. Har ikki mansabdor mojaro tufayli oktabr oyida o‘z lavozimini tark etgandi.
4-noyabr kuni Janubiy Koreya prezidenti televideniye orqali mamlakat fuqarolariga murojaat qilib, dugonasi Chxve Sun Sil ishtirokidagi mojaro uchun uzr so‘radi va tergovga ko‘maklashishga va’da berdi.
“Yana bir bor uzr so‘ramoqchiman. Sizning ishonchingizni aldaganim uchun afsusdaman”, – dedi Pak Kin Xe.
Seul sudi 3-noyabr kuni korrupsiya mojarosi markaziga tushib qolgan Chxve Sun Silni hibsga olishga buyruq berdi. Ayol o‘z ta’siri orqali Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalarini o‘zi bilan bog‘liq ikkita – Mir va K-Sports fondiga ko‘p millionlik xayriya qilishga majbur qilgan.
Muxolifat siyosatchilari Pak Kin Xeni 40 yillik dugonasi Chxve Sun Silga davlat ishiga aralashish, maxfiy hujjatlarni, shu jumladan, bo‘lajak chiqishlar matnini taqdim qilish, ularni tahrir qilishga yo‘l qo‘yish va shu orqali mamlakat siyosati va iqtisodiga ta’sir o‘tkazishda ayblamoqda.
Izoh (0)