Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvni “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Q. G‘aniyev ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatdagi tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan. Unda ijro hokimiyati faoliyati samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish, sud hokimiyatining mustaqilligini va odil sudlovni ta’minlash, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, mahalliy budjetlarning daromad bazasini kengaytirish, xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish, ozuqabop va eksportbop ekinlarni ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash, hayot sifati va farovonligini yuksaltirish kabi muhim masalalar o‘z ifodasini topgan.
Uchrashuv videokonferensiya shaklida o‘tdi. Navoiy shahri va viloyatning barcha tumanlari markazidan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Mehnat faxriysi H. Mamatov, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasi direktori N. Lakkay, Navoiy shahridagi “Ekspress-servis” mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori Sh. Ismoilov, Uchquduq qurilish va uy-joy kommunal xizmat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi S. Ravshanova, Tomdi tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri T. Medetov, Navbahor tumanidagi “Sarbozor” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy-ma’rifiy va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi N. Qo‘ldosheva va boshqalar dasturda belgilangan vazifalar mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligiga xizmat qilishini ta’kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlari milliy qonunchilik va xalqaro demokratik tamoyillarga to‘la mos ravishda o‘tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 4-dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Izoh (0)