Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) xorvatiyalik muxlislarning Kosovo termasiga qarshi JCh–2018 saralash o‘yinida namoyish etgan nomaqbul xatti-harakati uchun Xorvatiya futbol federatsiyasini 50 ming dollar miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
6-oktabr kuni Kosovо va Xorvatiya (0:6) terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yinda har ikki jamoa muxlislari “serblarga o‘lim” deya hayqirgan. Keyinroq FIFA har ikki mamlakat federatsiyasiga nisbatan intizomiy ish ochdi.
Kosovo futbol federatsiyasi FIFA a’zoligini olganidan so‘ng mamlakat termasi birinchi marta uy uchrashuvini o‘tkazgan edi. Kosovoda talablarga javob beradigan stadionlar bo‘lmagani uchun o‘yin Albaniyaning Shkodra shahrida bo‘lib o‘tdi.
Avvalroq Xorvatiya termasi o‘z muxlislarining yomon xulqi tufayli JCh–2018 saralashidagi dastlabki ikki o‘yinini ishqibozlarsiz o‘tkazishga majbur bo‘lgandi.
Izoh (0)