28-oktabr kuni Singapur menejmentni rivojlantirish institutida (MDIS) bo‘lib o‘tgan davra suhbati shu yilning 4-dekabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Prezidenti sayloviga aloqador masalalarga bag‘ishlandi. Bu haqda “Daryo”ga TIV xabar berdi.
Tadbirga Singapurda tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, institut rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari taklif etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar saylov kampaniyasining borish jarayoni, siyosiy partiyalar, ular ilgari surgan nomzodlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldi, shuningdek, ularga “O‘zbekiston Respublikasi saylovlari to‘g‘risida”gi hamda “Fuqarolarning ovoz berish huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarning asosiy holatlari tushuntirib berildi.
Saylovchilarning umumiy soni 21435000 kishini tashkil etgani ta’kidlandi. Singapurdagi O‘zbekiston fuqarolari shu yerdagi O‘zbekiston elchixonasida tashkil etilgan saylov uchastkasida 4-dekabr kuni ovoz berishi mumkinligi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, jami 9378 saylov uchastkasi tashkil etilgani, shulardan 44 tasi O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalarida ekanligi aytildi. Saylov uchastkalari barcha zarur aloqa vositalari, kompyuterlar va texnika bilan, shuningdek, huquqiy adabiyot bilan ta’minlangan. Maxsus ajratilgan joylarda yashirin ovoz berish uchun kabinalar, saylov qutilari, onalar va bolalar xonalari, tibbiyot kabinetlari o‘rnatilgan.
Davra suhbati ishtirokchilari tadbir tashkilotchilariga O‘zbekiston Prezidenti saylovi to‘g‘risida taqdim etilgan batafsil ma’lumot uchun minnatdorlik bildirdi.
Oliy o‘quv yurti bosh kotibi R. Teyvendran xalqaro kuzatuvchi sifatida saylovlarda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishni sabrsizlik bilan kutayotganini tan oldi. U 2015-yil martidagi saylov chog‘ida nomzodlar uchun teng imkoniyatlar yaratilgani, qonunlarga rioya etilish darajasi hamda aholining faol fuqarolik pozitsiyasiga guvoh bo‘lganini aytdi.
Tadbir yakuniga ko‘ra savol-javoblar sessiyasi bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Izoh (0)