Suriya bo‘yicha diplomatik kelishuvga erishish imkoni mavjud, biroq buning uchun Rossiya, Eron va Suriya hukumati mojaroning barcha tomonlari ishlab chiqqan oqilona yondashuvni qabul qilishi lozim. Ushbu bayonot bilan AQSh davlat kotibi Jon Kerri Irlandiyaning Tippereri shahridagi matbuot anjumanida chiqish qildi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.
Tashqi siyosat boshqarmasi rahbariga AQShning amaldagi ma’muriyati vakolatlari muddatining yakuni, ya’ni 2017-yilning yanvariga qadar Suriya inqirozini tartibga soluvchi yechimni ishlab chiqish ehtimoli bor-yo‘qligi haqida savol berildi.
“Bu kabi savollarga javob berishda juda-juda ehtiyotkor bo‘lishga harakat qilaman. Kengroq ma’noda gapiradigan bo‘lsak, buning iloji bormi? Ha, bor. Faqat buning uchun ruslar, eronliklar va Suriyadagi Bashar Asad rejimi barcha taraflar tomonidan taklif etilgan, siyosiy muzokaralarga yaqinlashishga qaratilgan oqilona yechimni qabul qilishi kerak”, — dedi Kerri.
Davlat kotibi AQSh Aleppodagi gumanitar halokatga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan ishlarini to‘xtatmayotganligini ma’lum qildi.
Izoh (0)