Gaiti janubiga oktabr boshida yopirilgan Mettyu dovuli mamlakatga 124 milliard Gaiti gurdosiga teng (1,89 milliard dollar) iqtisodiy zarar yetkazdi. Bu haqda 29-oktabr, shanba kuni Gaiti hukumati ma’lum qildi, deb yozadi “Korrespondent.net”.
Mamlakat moliya va iqtisodiyot vazirligi vakillarining ma’lum qilishicha, Jahon banki va Amerika davlatlari taraqqiyot banki mutaxassislari bo‘ron oqibatida yetkazilgan zararni yuqoridagi summaga baholagan. Bu Gaiti yalpi ichki mahsulotining taxminan beshdan biriga teng.
Mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasining tabiiy ofat oqibatidagi yo‘qotishlari deyarli 600 million dollarga baholanmoqda.
Iqtisodchilarning ma’lum qilishicha, 175 mingdan ortiq odam bo‘ron oqibatida boshpanasiz qolganligi tufayli mamlakat yana shunchaga yaqin mablag‘ yo‘qotgan.
Nashrning ma’lum qilishicha, Mettyu dovuli oqibatida Gaitida 1,4 millionga yaqin odam jabrlangan. Ba’zi shaharlar va qishloqlar butunlay vayron bo‘lgan.
Izoh (0)