28-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deb xabar beradi O‘zA.
Deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi Budjetnomasi — Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, shuningdek, soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalarini ko‘rib chiqdi. Majlisda ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — moliya vaziri Rustam Azimov ma’ruza qildi.
Ta’kidlandiki, mamlakatning asosiy moliyaviy hujjati iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkning o‘rni va rolini tubdan oshirish, xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilish hisobidan yuqori iqtisodiy sur’atlarni ta’minlash vazifasini nazarda tutadi.
Hukumatning joriy yil 15-yanvardagi majlisida Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar, Oliy Majlis palatalarining shu yil 8-sentabrdagi qo‘shma yig‘ilishida Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida 2016-yil uchun iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga muvaffaqiyatli erishishni, joriy yilda soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini hamda Davlat budjetining samarali ijro etilishini ta’minlamoqda.
Taqdim etilgan loyihalar makroiqtisodiy muvozanatni va barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishga, davlat qarzining asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslikka, aholi daromadlari va turmush darajasini yanada yuksaltirishni ta’minlashga, chuqur tarkibiy o‘zgartirishlarga va muhandislik, yo‘l-transport hamda ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirish bo‘yicha faol investitsiya siyosatini yuritishga, shuningdek, budjetlararo munosabatlarni takomillashtirish, hududlarning daromad bazasini ko‘paytirish va mahalliy budjet xarajatlarini maqbullashtirib, subvensiya oluvchi hududlarni kamaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, kelgusi yil soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihasi soliq yukini yanada kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va soliq ma’murchiligini yaxshilash, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar miqdorini yanada oshirishni, budjet mablag‘larini samarali rejalashtirishga, ulardan foydalanishning natijadorligini oshirishga hamda budjetlararo munosabatlarni takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Deputatlar kelgusi yil uchun shakllantirilgan soliq-budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘lgan yalpi ichki mahsulotning 7,8 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning 6,9 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning 6,2 foizga, kapital qo‘yilmalar hajmi 9,6 foizga o‘sishi ko‘zda tutilayotganligini alohida qayd etdi.
Parlament a’zolarini qiziqtirgan barcha masalalar yuzasidan olingan batafsil axborotdan so‘ng mamlakatning 2017-yilgi Davlat budjeti loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Muhokama davomida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdi. Deputatlar iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyat va jamiyat hayotining boshqa jabhalarini rivojlantirish dasturlari o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirilishi muhimligini ta’kidladi.
2017-yilda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini yanada rivojlantirishni ta’minlash maqsadida kelgusi yilda amal qilish muddati tugayotgan soliq imtiyozlarining muddatini uzaytirish taklif etilmoqda. Bu esa tadbirkorlar tasarrufida kelgusi yilning o‘zida qariyb 500 milliard so‘mga yaqin mablag‘ qoldirish imkonini berib, ularga o‘z aylanma mablag‘larini to‘ldirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlashni amalga oshirishlari uchun qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat qiladi.
Davlat budjetining umumiy xarajatlarida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan xarajatlar 2000-yilda 42,5 foiz bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda kutilayotgan 59,5 foizdan 2017-yilda 59,7 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, kam ta’minlangan va moddiy yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga va bolali oilalarga beriladigan nafaqalar uchun ajratilgan xarajatlar 2017-yilda qariyb 2,6 trillion so‘mdan ortiq miqdorda, ya’ni 2008-yilga nisbatan 4 barobar ko‘p mablag‘ ajratilishi rejalashtirilayotgani chuqur o‘ylangan ijtimoiy siyosatning natijasidir.
Mamlakat iqtisodiyoti fan va texnikaning eng ilg‘or yutuqlariga, iqtisodiy jarayonlarni samarali boshqarishga va xalq ta’limi tizimiga tayanishi lozim. Bu borada 2017-yilgi Davlat budjeti loyihasida joriy yilga nisbatan 13,0 foizga oshirilgan holda ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ilm-fanni yanada rivojlantirish va davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish imkonini beradi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi Davlat budjetini va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarini hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.
Izoh (0)