Rio–2016 yozgi Olimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mehmon bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
INFOLIB–2016 V Milliy axborot-kutubxona haftaligi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston iftixorlari – Olimpiya o‘yinlari chempioni Fazliddin G‘oibnazarov (boks, -64 kg), Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sohiblari Rustam To‘laganov (boks, -91 kg), Murodjon Ahmadaliyev (boks, -56 kg) va Ixtiyor Navro‘zov (erkin kurash), shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston boks federatsiyasi vakillari, axborot-kutubxona muassasalari mutaxassislari, Toshkent shahri maktab, kollej va litsey o‘quvchilari hamda Milliy kutubxona foydalanuvchilari qatnashdi.
Tadbirda sportchilar o‘zlarining sportga bo‘lgan qiziqishlari, qo‘lga kiritgan yutuqlari va Olimpiya o‘yinlaridan olgan taassurotlari bilan bir qatorda qanday kitoblarni mutolaa qilishlari haqida ham so‘zlab berdi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar sportchilar bilan suratga tushib, ulardan dastxatlar oldi.
Izoh (0)