Madrid shahri rasmiylari Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqish — Brexit referendumidan so‘ng shtab-kvartiralarini boshqa joylarga ko‘chirayotgan kompaniyalarni qulay iqlim sharoiti hamda mehnat qonunchiligi, arzon ko‘chmas mulk va hatto futbol bilan ham jalb qilmoqchi. Bu haqda Financial Times’ga tayanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
Frankfurt, Parij va Dublindan farqli ravishda Ispaniya poytaxti “ko‘chayotgan-biznes” oqimi yo‘l olayotgan yetakchi shaharlar safiga kirmaydi. Shunga qaramay, Madrid rasmiylari va Ispaniya hukumati yuqoridagi takliflar Buyuk Britaniya kompaniyalariga ijobiy ta’sir qilishiga umid qilmoqda.
Shimolda joylashgan Yevropa mamlakatlarining poytaxtlaridan farqli o‘laroq, Madrid iqlim ustunligiga ega. Ispaniya poytaxtida yil davomida atigi 58 kun yog‘ingarchilik bo‘ladi. Amsterdamda ushbu ko‘rsatkich 185, Parijda 164, Dublinda 129, Frankfurtda esa 111 kunni tashkil etadi.
Iyul oyida Madridning o‘rtacha havo harorati 26,5 daraja bo‘lsa, Parijda bu ko‘rsatkich 15,5, Frankfurtda esa 14 darajani tashkil qiladi. Bundan tashqari, Britaniya kompaniyalariga shaharning kechki hayoti, mazali taom va mashhur sport jamoalari haqida ma’lumot berilmoqda.
Izoh (0)