Rustam Saidov va Dilmurod Hasanov murabbiylik qilgan boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi an’anaviy Chinggis Khan Cup turnirida ishtirok etdi, deb yozdi “Olamsport” Mo‘g‘uliston mezbonlik qilgan xalqaro musobaqada 10 ga yaqin mamlakat bokschilari oltin medallar uchun kurash olib bordi.
O‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalaridan 11 nafari yakunda medallarga ega chiqdi. Ular orasida qiz bokschilar ham bor.
Erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda Isroil Madrimov hamda Abdulxay Shorahmatov barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qiz bokschilardan Tursunov Rahimova hamda Maftuna Meliyeva O‘zbekiston termasiga oltin medallar taqdim etdi.
Yana to‘rt nafar bokschi kumush medal egasiga aylandi. Erkaklar musobaqasida Fazliddin Meliboyev, Abror Qodirov va Nodir Mirzahmedov faqatgina finalda raqiblariga imkoniyatni boy berdi. Qizlar turnirida esa Shahnoza Nizomova kumush medalga ega chiqdi.
Rio—2016 Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritganiga qaramay, yakunda terma jamoa safiga kiritilmagan Elnur Abduraimov Chinggis Khan Cup’ning bronzasi bilan kifoyalandi. Shuningdek, Zuhriddin Mahkamov va Dilnoza Odiljonova ham bronzaga ega chiqdi.
Izoh (0)