18-oktabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasida 20-turning qoldirilgan ikki o‘yini o‘tkazilib, “Lokomotiv” Muborakda, “Bunyodkor” esa Olmaliqda maydonga tushdi.
“Mash’al” maydoniga safar etgan va chempionlik uchun asosiy da’vogar bo‘lgan “Lokomotiv” 4:0 hisobida zafar quchdi. Bellashuvda Temurxo‘ja Abduxoliqov xet-trik qayd etdi, Sanjar Shoahmedov esa o‘z nomiga 1 ta gol yozib qo‘ydi.
“Olmaliq” maydonida mehmon bo‘lgan “Bunyodkor” esa 2 ta gol farqi bilan g‘olib chiqdi. Yaponiyalik Minori Sato “qaldirg‘ochlar”ning har ikki goliga ham mualliflik qildi.
“Bunyodkor” matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu g‘alaba jamoaning Oliy Liga tarixidagi yubiley — 200-g‘alabasi bo‘ldi. Yubiley uchrashuvlarni “qaldirg‘ochlar” faqat g‘alaba bilan yakunlagan. Oliy Ligadagi ilk o‘yinda “Vobkent”, 50-uchrashuvda “UzDongJu”, 100-uchrashuvda “Mash’al”, 150-o‘yinda esa “Navbahor” mag‘lub etilgandi.
Igor Shkvirin boshchilik qiladigan “Olmaliq” esa ketma-ket 10 ta turdan buyon raqiblarini mag‘lub eta olmadi. Ikkinchi davra startidan buyon 3 ochko olmagan yagona jamoa “Olmaliq” bo‘lib turibdi: 1 ta durang va 9 ta mag‘lubiyat. Avvalroq Igor Shkvirin iste’foga chiqarilishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgandi.
O‘zbekiston Oliy Ligasi 20-turning qoldirilgan o‘yinlari 18-oktabr, seshanba
Izoh (0)