AQSh maxsus xizmatlari sobiq xodimi Edvard Snouden Norvegiya hukumatidan mahalliy PEN-klubning unga so‘z erkinligiga qo‘shgan hissasi uchun ajratilgan mukofotni olish uchun Norvegiyaga borganida, uni Amerika hukumatiga topshirmasliklari uchun kafolat olishga urinishda davom etadi, deb yozadi “TASS”.
Norvegiya PEN-klubi tarqatgan xabarga ko‘ra, mamlakat Oliy sudiga Snoudenning nomidan qirollikning ikkita quyi sud organi qaroriga qarshi apellyatsiya berilgan, ular avvalroq uning Norvegiya davlatiga qarshi da’vosini ko‘rib chiqishdan bosh tortgan edi.
“Agar adliya va jamoat xavfsizligi vazirligi Snoudenga 2016-yilgi Osetskiy mukofotini olish uchun erkin kelib-ketishiga yo‘l qo‘ymasa, bu huquqiy davlat sifatida Norvegiya uchun sharmandalik bo‘ladi”, — dedi Norvegiya PEN-klubi prezidenti Vilyam Nyugor.
Uning aniqlik kiritishicha, Oliy sudda ishni ko‘rib chiqish muddatlari Snoudenga mukofotni rejalashtirilgani kabi 18-noyabrda topshirish imkonini bermaydi. Buning o‘rniga, Snouden Oslo Adabiyot uyida videoaloqa orqali omma oldida nutq so‘zlaydi. Mukofotni topshirish marosimining o‘zi esa laureat uni shaxsan qabul qila olishi mumkin bo‘lgan vaqtga qoldiriladi. Hozircha u 2017-yil 7-iyunga ko‘chirildi.
Izoh (0)