Angliyaning “Manchester Siti” futbol klubi yosh futbolchilarga turli rangdagi butsalar kiyishni taqiqladi. Bu haqda Mirror nashriga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Futbolchilarga faqat qora rangli butsalarda maydonga tushishga ruxsat berildi. “Manchester Siti” akademiyasi bosh murabbiyi Jeyson Uilkoksning so‘zlariga ko‘ra, klub nafaqat yaxshi futbolchilar yetishtirishi, balki o‘yinchilarning shaxsiy rivojlanishida ishtirok etishi kerak.
“Yaxshi futbolchi boshqa odamlarni hurmat qilmasligini ko‘rish men uchun eng yomoni. Sizda maqsad bo‘lishi kerak, lekin baribir odamlarga nisbatan hurmatli bo‘lishingiz lozim. Bola kim bilan gaplashishidan qat’i nazar, u farrosh bo‘ladimi yoki bosh direktor, undan hurmat ko‘rsatishni talab qilamiz”, – dedi Jeyson Uilkoks.
Oldinroq “Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola asosiy jamoa futbolchilariga internetdan foydalanishni taqiqlagani haqida xabar berilgan edi.