Ispaniyaning “Barselona” klubi himoyachisi Jerar Pike kelajakda ushbu jamoa prezidenti bo‘lish istagini bildirdi. Bu haqda, “Sport.es” portaliga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
29 yoshli futbolchi kataloniyaliklar bilan 2019-yilgacha amal qiladigan shartnomasini yana 4–5 yilga uzaytiradi va bu uning so‘nggi kelishuvi bo‘ladi. “Barselona” klubi nizomida futbolchi faoliyatini yakunlaganidan ikki yil o‘tib prezidentlikka da’vogarlik qilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
“Barselona” klubining keyingi prezident saylovi 2021-yilda bo‘lib o‘tadi. Pike esa ushbu lavozimga faqatgina 2027-yilda da’vogarlik qilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Jerar Pike 2008-yildan buyon jamoa sharafini himoya qilib kelmoqda. Jamoa tarkibida himoyachi to‘rt karra Ispaniya chempioni, besh karra Ispaniya Superkubogi sohibi, uch marta YChL g‘olibi bo‘lgan. Ispaniya terma jamoasi safida esa Pike 2010-yilda jahon chempioni, 2012-yilda Yevropa chempioni bo‘lgan.