Southwest Airlines aviakompaniyasining Luisvilldan Baltimorga parvoz qilishi kerak bo‘lgan 944-reysi Galaxy Note 7 smartfoni yonib ketganligi tufayli evakuatsiya qilindi. Bu haqda The Verge ma’lum qildi, deb yozadi TJournal.
Qurilma smartfonlarning xavfsiz deb qayd etilgan yangi partiyasiga tegishli edi.
Hodisa mahalliy vaqt bo‘yicha tonggi 5 da sodir bo‘lgan. Amerikalik Brayan Grin parvoz oldidan Galaxy Note 7’ni o‘chirib, uni cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Shu payt smartfon tutay boshladi.
Note 7’ning egasi uni cho‘ntagidan chiqarib polga tashlagandan keyin tutun kulrang-yashil rangga kirgan. Ekipaj va yo‘lovchilar zudlik bilan evakuatsiya qilingan. Qimmatbaho buyumlari uchun samolyotga qaytgan ba’zi guvohlarning so‘zlariga qaraganda, keyinroq smartfon yonib ketgan va gilam qoplamasini kuydirgan.
Grinning ta’kidlashicha, qurilma faqat 80 foizga quvvatlangan edi va u xarid qilgandan buyon faqat rasmiy simsiz quvvatlash vositasidan foydalanib kelgan.
944-reys bekor qilingan, yo‘lovchilar esa boshqa samolyotlarga o‘tkazilgan.
Samsung hozircha hodisaga izoh bermadi, Grinning o‘zi esa qurilmani iPhone 7’ga almashtirganini ma’lum qildi.
Izoh (0)