Belgiyada Uzbekistan Profile axborot byulletenining joriy yil 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan maxsus soni nashrdan chiqdi, deb yozadi “Jahon”.
Nashr materiallarida saylovlarni o‘tkazishga tayyorgarlik jarayoni haqida batafsil ma’lumot berilgan.
“Saylovlarga tayyorgarlik va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlar saylov komissiyalari tomonidan ochiq va oshkora, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga to‘liq muvofiqlikda amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi chegaralari, viloyatlar va Toshkent shahrida saylov okruglari tashkil etilgan. Saylov okruglarining ro‘yxati saylovchilarning soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan o‘rni ko‘rsatilgan holda OAVlarda chop etilmoqda”, — deyiladi byulletenda.
Xalqaro va chet ellik kuzatuvchilarning ishtiroki butun saylov jarayonining ochiq va oshkoralik tamoyillari mustahkamlanishi, demokratik saylovlar tamoyillariga rioya etilishiga xizmat qilishi ta’kidlanadi.
“Siyosiy partiyalar nomzodni qo‘llab-quvvatlash uchun saylovchilarning imzolarini ish, xizmat, o‘qish, yashash joyi, saylovoldi tadbirlarida to‘plash huquqiga ega. Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari tarkibidagi imzolar soni O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining 5 foizidan 1 foiziga qisqartirilgan”, — deyiladi nashrda.
Nashrning ushbu sonida saylovlarni muvaffaqiyatli o‘tkazishda Markaziy saylov komissiyasining muhim roliga alohida e’tibor qaratiladi.
Izoh (0)