Guliston shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 8-Sirdaryo okrug saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, tuman va shahar hokimliklari, harbiy qismlar komandirlarining saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risidagi taqdimnomalari ko‘rib chiqildi. Viloyatda saylovchilarning umumiy soni 529 ming 810 nafar ekanini inobatga olib, 271 saylov uchastkasi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Saylov uchastkalarining tartib raqami, chegarasi va manzili ko‘rsatilgan ro‘yxati tasdiqlandi. Okrug saylov komissiyasining bu haqdagi tegishli qarori mahalliy matbuotda e’lon qilinadi.
Tadbirda okrug saylov komissiyasiga ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, mustaqil jurnalistlar va ijodiy uyushmalardan akkreditatsiyadan o‘tkazishni so‘rab tushgan murojaatlar ham ko‘rib chiqildi. Tuzilgan saylov uchastkalarini aloqa vositalari va ko‘rgazmali qurollar, zarur adabiyotlar, matbuot nashrlari bilan to‘liq ta’minlash, saylovchilarga zarur sharoitlar yaratish vazifalari belgilab olindi.
Majlis yakunida o‘tkazilgan brifingda ommaviy axborot vositalari vakillariga okrug saylov komissiyasi faoliyati, saylov uchastkalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Izoh (0)