Yevropada nashr etiladigan Diplomat Magazine jurnalining navbatdagi sonida 4-dekabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari mavzusiga bag‘ishlangan maqola bosilib chiqdi. Bu haqda “Jahon” xabar bermoqda.
Unda ta’kidlanishicha, saylovlar O‘zbekiston Konstitutsiyasi hamda saylov qonunchiligi talablariga muvofiq ravishda oshkoralik va ochiqlik muhitida o‘tadi. Nashrning yozishicha, ushbu voqea respublikadagi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish jarayonlarini sifat jihatdan yangi darajaga ko‘taradi.
Diplomat Magazine o‘z o‘quvchilarini saylovlarga tayyorgarlik jarayonlarining kechishi bilan tanishtirar ekan, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga hamda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida saylovni o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari tuzilganini ma’lum qildi.
Ma’lumki, siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida olti oy oldin Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga 2015-yil 29-dekabrda kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilar umumiy sonining 5 foizidan 1 foizigacha kamaytirildi. Bu 214350 nafar saylovchi imzosi demak. Imzolar kamida sakkizta ma’muriy-hududiy tuzilma namoyandasi bo‘lgan saylovchilarni qamrab olishi kerak. Ma’muriy-hududiy tuzilmalardan birida siyosiy partiya imzolar umumiy miqdorining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin.
Nashr jurnalxonlarni mana shu ma’lumotlar bilan tanishtirgani barobarida xorijiy mamlakatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari saylovda kuzatuvchi sifatida qatnashishga taklif etilganini ham qalamga oldi.
“Ularning ishtiroki saylovlarning ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik kabi demokratik tamoyillarga muvofiq holda o‘tishidan dalolat beradi”, — deb yozadi Diplomat Magazine.
Izoh (0)