2020-yilda Yaponiya poytaxti mezbonlik qiladigan yozgi Olimpiadaning byudjeti 3 trillion iyena (29,5 milliard dollar)ga yetishi mumkin. Bunday hisob-kitoblar Olimpiya o‘yinlari xarajatlarini hisoblaydigan maxsus komissiyaning Tokio gubernatori Yuriko Koikega taqdim etilgan hisobotidan joy oldi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Komissiya, shuningdek, xarajatlarni qisqartirishga qaratilgan rejani ham tayyorlagan. Unga ko‘ra, Tokiodagi bir yo‘la uchta sport obyekti — voleybol stadioni, suv sporti turlari markazi va eshkak eshish kanalinining qurilishi qayta ko‘rib chiqilishi yoki butunlay bekor qilinishi mumkin. Ushbu infratuzilma bekor qilingan taqdirda musobaqalarni Tokio va uning tashqarisida mavjud bo‘lgan obyektlarda o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
“Braziliyada Olimpiada yakuniga yetdi va biz ishga kirishadigan vaqt keldi. Rejani o‘rganib, uning yechimi borasida qarorni tez kunda qabul qilamiz”, — dedi Yuriko Koike komissiya vakillari bilan o‘tkazilgan yig‘ilish yakunida.
Rejaga muvofiq, Tokio ma’muriyati o‘z byudjeti hisobidan sport obyektlari va poytaxtdagi boshqa infratuzilmalar uchun xarajatlarning 25 foizini qoplashi ko‘zda tutilgan. Tokio hududida bo‘lmagan obyektlar qurilishi mahalliy ma’muriyatlar yordamida Yaponiya g‘aznasidan to‘lanadi. Yaponiya rasmiylari Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish uchun avvalboshdan 734 milliard iyena (7,2 milliard dollar) sarflashni rejalashtirgan edi.
Tokio mezbonlik qiladigan Olimpiya o‘yinlari 2020-yilning 24-iyul — 9-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Olimpiada tadbirlariga 7,5 milliondan ortiq chipta sotish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)