Kolumbiya mezbonlik qilayotgan futzal bo‘yicha 2016-yilgi Jahon Chempionatining finaliga Rossiyadan keyin Argentina terma jamoasi ham yo‘llanma oldi. Yarim finalning ikkinchi o‘yinida Portugaliyaga qarshi saf tortgan argentinaliklar 5:2 hisobida muvaffaqiyat qozondi.
Bir kun avval bo‘lib o‘tgan yarim finalning birinchi o‘yinida rossiyalik futzalchilar Osiyo chempioni Eron ustidan 4:3 hisobida zafar quchgandi.
Rossiya va Argentina termalari ishtirokidagi final 1-oktabr kuni Kali shahrida bo‘lib o‘tadi. Har ikki terma o‘z tarixida ilk bor jahon chempioni bo‘lish imkoniyatiga ega. Bunga qadar o‘tkazilgan yetti mundialning beshtasida Braziliya termasi zafar quchgan bo‘lsa, yana ikkitasida omad ispanlarga kulib boqqan.
Braziliya terma jamoasi mundialni Erondan mag‘lub bo‘lib tark etgan bo‘lsa, ispanlarning kuchi Rossiyaga yetmadi.
1-oktabr kuni, shuningdek, Eron va Portugaliya termalari Jahon Chempionatining bronza medali uchun kurash olib boradi.
Izoh (0)