O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasida ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari faoliyatini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Unda qo‘mita mas’ul xodimlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Mazkur o‘quv-seminardan ko‘zlangan maqsad tinglovchilarga ekologik nazoratning jamoatchi inspektori vakolatlari, majburiyatlari, jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishning usul va yo‘llari, uning natijalarini rasmiylashtirish, davlat organlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari haqida batafsil ma’lumot berishdan iborat.
Seminarda tabiatni muhofaza qilish, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish borasidagi dolzarb masalalarga yechim topish ko‘p jihatdan aholining ekologik bilim darajasi va tabiatdan foydalanish madaniyatiga bog‘liq ekanligiga e’tibor qaratildi. Bu boradagi zarur bilimlarni o‘rganish, ularga qat’iy amal qilish va salbiy o‘zgarishlarning oldini olish, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni yanada rivojlantirishda jamoatchi inspektorlarining o‘rni katta ekanligi qayd etildi.
Seminarda “Ekologik nazorat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va uning asoslari”, “Jamoatchilik ekologik nazoratining nazariy va amaliy jihatlari”, “Er resurslarini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasida jamoatchilik ekologik nazorati”, “Chiqindilar boshqaruvi sohasida jamoatchilik ekologik nazorati” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
O‘quv-seminar davomida amaliy mashg‘ulotlar olib borilib, tinglovchilarga atmosfera havosini, suv, yer resurslarini muhofaza qilish sohalaridagi qonunbuzarliklarning oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yish kabi qator ekologik muammolar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Izoh (0)