The Japan Times gazetasida “O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasiga: Islom Karimov — o‘zbek xalqining buyuk farzandi” nomli maqola chop etildi. Bu haqda “Jahon” agentligi xabar bermoqda.
Materialda ta’kidlanishicha, 25 yil davomida mustaqil O‘zbekistonga boshchilik qilgan Islom Karimov mamlakatda va xalqaro maydonda ulkan nufuzga ega bo‘ldi. U atoqli davlat arbobi bo‘lib, ochiq fuqarolik jamiyati va bozor iqtisodiyotiga ega huquqiy demokratik davlat barpo etishning chuqur o‘ylangan strategiyasini ishlab chiqdi va amalga tatbiq etdi.
Maqola mualliflari respublika rahbari mamlakatning siyosiy mustaqilligiga iqtisodiy mustaqilliksiz erishib bo‘lmasligiga qat’iy ishonganini alohida qayd qilib o‘tdi.
“Aynan shu tufayli uning tomonidan ma’lum va mashhur besh tamoyil asosida chuqur islohotlar va iqtisodiyotning struktur o‘zgarishlari dasturi ishlab chiqilib, butun dunyoda taraqqiyotning o‘zbek modeli nomi ostida e’tirof etildi. Ushbu modelning fundamental asosi strategik ustuvor maqsad — ‘Islohotlar islohot uchun emas, inson uchun’ shiorining amalga tatbiq etilishi bo‘ldi”, — deyiladi maqolada.
O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng miqyosli struktur o‘zgarishlar haqida ma’lumot berilar ekan, nashr mamlakatda mutlaqo yangi yuqori texnologik sanoat tarmoqlari bunyod etilganini, jahon miqyosida noyobligi bilan ahamiyat kasb etuvchi industrial obyektlar qurilganini, zamonaviy yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infrastrukturasi yaratilganini ta’kidlab o‘tdi.
Respublikaning Birinchi Prezidenti amalga oshirgan islohotlarning amaldagi in’ikosi O‘zbekiston jahonning beshta eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlari safiga qo‘shilgani bo‘ldi.
The Japan Times Islom Karimovning qishloq xo‘jaligini isloh qilishdagi alohida o‘rniga e’tibor qaratdi. Uning tashabbusiga ko‘ra jahon amaliyotida muqobillariga ega bo‘lmagan qishloqning tashqi ko‘rinishini tubdan o‘zgartirish, turar joylar qurish dasturi amalga oshirilmoqda, bu esa qishloq ahlining turmush tarzi va sifatini shahardan qolishmaydigan darajaga ko‘tarmoqda.
“O‘zbekiston rahbari Oliy Bosh Qo‘mondon sifatida Qurolli Kuchlarning tubdan isloh etilishini, uning harbiy qudrati va salohiyati oshishini ta’minladi, va endi u mamlakat mustaqilligini va hududiy yaxlitligini, chegaralari daxlsizligini, o‘zbek xalqining tinch-totuv hayotini ta’minlashga qodir. Shu bilan bir qatorda, u O‘zbekiston tashqi siyosati Konsepsiyasini ishlab chiqdi va amalga kiritdi, undagi asosiy holat esa boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va yuzaga keladigan qarama-qarshiliklarni faqat tinch, siyosiy yo‘l bilan hal qilishga asoslangan tinchliksevarlikdir. Respublika rahbari mintaqada va butun jahonda tinchlik va barqarorlikning saqlab qolinishiga ulkan hissa qo‘shdi”, — deyiladi materialda.
Yaponiya nashri Islom Karimovning zamonaviy xalqaro standartlar asosida ta’lim tizimini rivojlantirishga qo‘shgan hissasini ham chetlab o‘tmadi. Prezident o‘sib borayotgan avlodni tarbiyalashning mutlaqo yangi tizimini yaratish va hayotga tatbiq etish ishiga bevosita rahbarlik qildi, bu tizim esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston yoshlarining tafakkurini va dunyoqarashini tubdan o‘zgartirdi, va endilikda u bugungi va ertangi kunning hal qiluvchi kuchiga aylanmoqda.
Maqola yakunida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti o‘z xalqiga cheksiz muhabbat tuygani va butun hayotini oxirgi kunlariga qadar mamlakat xizmatiga bag‘ishlagani aytib o‘tildi.
Izoh (0)