USAID’ning silga qarshi kurash dasturi doirasida olti nafar o‘zbekistonlik mutaxassis Nyu-Jersi (AQSh) Ratgers Universiteti qoshidagi Xalqaro sil institutida silni oldini olish, tashxislash va davolashdagi ilg‘or tajribani o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda USAID vakillari “Daryo”ga ma’lum qildi.
Sentabrga rejalashtirilgan yetti kunlik o‘quv dasturi USAID tomonidan O‘zbekiston silga qarshi kurash Milliy dasturini qo‘llab-quvvatlash doirasida o‘tkazilayotgan qator tadbirlardan biridir. Unda Buxoro, Xorazm, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari silga qarshi kurash muassasalar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
So‘nggi o‘n yil davomida Ratgers universiteti qoshidagi Xalqaro sil institutida 25 mamlakatning yuzlab mutaxassislari o‘z bilimi va tajribasini oshirgan. Universitet tomonidan yaratilgan seminar va o‘quv dasturlari milliylikka xos xususiyatlarni hisobga olgan holda hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining oxirgi tavsiyalariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Bir haftalik tajriba almashish muddati quyidagilarni o‘z ichiga oladi: AQShning silga qarshi kurash xizmatini tashkil etilishini o‘rganish, silni erta aniqlash usullari bilan tanishish, laborator va differensial tashxislash hamda sil bemorlarni klinik kuzatish va bemorlarni ruhan va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash.
Shuningdek, ushbu kurs sil bemorlarni statsionar va ambulator bosqichlarida davolash, silning murakkab holatlarini davolashni tashkil qilish, shu jumladan, sil va OIV qo‘shma infeksiyalarini hamda silga qarshi yangi preparatlarni qo‘llash va davolashning yangicha tartibini qamrab olgan.
Kurs doirasida O‘zbekiston ftiziatrlari AQSh hamkasabalarining bemorlarni hisobga olish va ro‘yxatdan o‘tkazishda elektron bazalari va kommunikatsiya vositalaridan foydalanish tajribalarini o‘rganish bilan bir qatorda silga qarshi kurash muassasalarining infeksion nazorati bilan tanishadi.
Izoh (0)