Rossiya Kiprga orolda harbiy baza ochish haqidagi iltimos bilan murojaat etmagan, ayni vaqtda, mamlakat Moskva so‘rovlariga muvofiq Rossiyaga ayrim xizmatlarni ko‘rsatadi. Bu haqda Kipr prezidenti Nikas Anastasiadis ma’lum qildi, deya xabar beradi “Interfaks”.
“Rossiya hukumati tomonidan bunday iltimos bo‘lmagan. Ular mustaqilligimizga hurmat bilan yondoshadi. Biz aniq maqsadlar uchun ayrim xizmatlarni taqdim etamiz va buni amalga oshirishda davom etmoqdamiz”, — deya ta’kidladi Anastasiadis.
Rossiya TIVga ko‘ra, BMT Bosh Assambleyasi 71-sessiyasi doirasidagi tadbirlar davomida Kipr prezidenti Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashib, ikki tomonlama munosabatlar, Sharqiy O‘rtayer dengizi mintaqasidagi vaziyatni muhokama etdi.
Oldinroq OAVda Rossiya IShIDga qarshi o‘tkazayotgan operatsiyalari doirasida oroldagi obyektlardan foydalanish yuzasidan Kipr bilan muzokaralar olib borayotgani haqidagi xabarlar tarqalgandi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)