Joriy yilning 12—15-sentabr kunlari Rossiyaning Moskva shahrida Food Moscow – 2016 oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston kompaniya va korxonalari o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etdi, deb xabar berdi O‘zA.
World Food Moscow xalqaro ko‘rgazmasida AQSh, Xitoy, Misr, Saudiya Arabistoni, Braziliya, Argentina, Niderlandiya, Italiya, Ispaniya, Hindiston, Armaniston, Eron kabi dunyoning yetmishga yaqin mamlakatidan yuzlab firma va kompaniyalar ishtirok etdi. Mazkur forumda oziq-ovqat mahsulotlari, ularni yetishtirish va qayta ishlashga oid eng so‘nggi yutuqlar namoyish etildi. Meva va sabzavotlar, go‘sht, sut, dengiz, qandolat va non mahsulotlari, texnika va texnologiyalar kabi yo‘nalishlarga oid o‘nlab bo‘limlar ishladi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ma’lum qilishlaricha, mazkur xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekistonning oziq-ovqat sohasida ish yurituvchi Euro Food Trade, Tasty Production, Green Agro Invest, Samo-Produkt, “Mehrigiyo”, “Livadiya-Buxoro” kabi o‘nga yaqin xususiy kompaniyasi o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etdi. Ko‘rgazma ishtirokchilari O‘zbekiston milliy stendida mamlakatning oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi salohiyati va imkoniyatlari, sohada taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishdi.
Xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston kompaniyalari turli mamlakatlarning firma va kompaniyalari bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. Tadbirkorlar tomonidan jami ikki million dollardan ziyod eksport shartnomalari imzolandi.
Izoh (0)