“Formula–1” avtopoygalarining sobiq ishtirokchisi Alessandro Dzanardi Rio–2016 Paralimpiya o‘yinlarining shossedagi velopoyga bahslarida g‘alaba qozonib, uch karra paralimpiya chempioniga aylandi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
49 yoshli italiyalik sportchi alohida start bilan o‘tkaziladigan individual poygada zafar quchdi. Ikkinchi o‘rinni avstraliyalik Styuart Tripp egalladi.
“Formula–1”ning Benetton, Minardi va Lotus jamoalarida faoliyat olib borib, keyinchalik CART seriyasidagi avtopoygalariga o‘tib ketgan Dzanardi 2001-yilning 15-sentabrida jiddiy avtohalokatga uchradi va buning natijasida og‘ir jarohatlar oldi. Shifokorlar poygachining ikki oyog‘ini tizzasigacha amputatsiya qilishga majbur bo‘lgandi.
Avtohalokatdan bir necha yil o‘tib, Dzanardi paralimpiyachilar musobaqasida ishtirok eta boshladi. 2012-yili esa Londondagi Paralimpiya o‘yinlarida debyut o‘tkazib, velopoyga bahslarining 16 hamda 64 kilometr masofalarida oltin medalga sazovor bo‘lgandi. Italiyalik sportchi 16-sentabr, juma kuni o‘tkaziladigan bahslarda Rio—2016 Paralimpiya o‘yinlarining yana bir medaliga ega chiqishi mumkin.
Izoh (0)