Futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar Ligasining chorak finalida o‘zbekistonlik futbolchi Sardor Rashidov harakat qiladigan Qatarning “Al-Jaish” klubi BAA vakili “An-Nasr”dan 0:3 hisobida yengilgandi.
Javob o‘yini oldidan “Al-Jaish” rahbariyati raqib jamoa tomonidan OChL reglamenti buzilgan holatni aniqladi, deb yozdi “Championat.asia”.
OChL reglamentiga ko‘ra, har bir klub musobaqa uchun 3 nafar xorijiy va 1 nafar osiyolik legioner futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. “An-Nasr” safida harakat qilgan asli braziliyalik Santos Vanderley esa BAA Pro ligasida Indoneziya fuqarosi sifatida qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan “Al-Jaish” OFKga shikoyat arizasini yozib ulgurdi. O‘z navbatida Indoneziya Futbol Federatsiya bunday futbolchi haqida bilmasligini OFKga ma’lum qildi. Tashkilot Santos Vanderleyning shaxsini aniqlab, uning braziliyalik ekaniga ishonch hosil qilsa, “An-Nasr”ni musobaqadan chetlashtiradi va “Al-Jaish” o‘z-o‘zidan yarim final chiptasiga ega chiqadi.
Santos Vanderley “Al-Jaish”ga qarshi bellashuvda nafaqat harakat qildi, balki 2 ta gol urishga ham muvaffaq bo‘lgandi.
Izoh (0)