Bugungi kunda jahonda kuzatilayotgan qarama-qarshilik va ziddiyatlar barchadan hamisha hushyor va ogoh bo‘lib yashashni talab etadi. Bu haqda Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston xalqiga mustaqillikning 25 yilligi munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida aytildi. Tabrik matnini O‘zA taqdim etdi.
“Bugungi kunda yaqin va uzoq atrofimizda qarama-qarshilik va ziddiyatlar kuchayib, turli mojaro va qon to‘kishlar davom etayotgani, terrorizm, ekstremizm va narkotrafik xavfi tobora keskinlashib borayotgani har birimizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi va barchamizdan hamisha hushyor va ogoh bo‘lib yashashni talab etadi”, — ta’kidladi davlat rahbari.
“Vujudga kelayotgan mana shunday murakkab sharoitda O‘zbekistonimizning xavfsizligini, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlash, turli balo-qazolarni ostonamizga yo‘latmaslik, yurtimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolararo hamjihatlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini ko‘z qorachig‘idek saqlash, ‘Bizga tinchlik va omonlik kerak’ degan ezgu da’vatni barchamizning burchimiz va ustuvor vazifamiz sifatida amalga oshirishimiz zarur”, — qo‘shimcha qildi davlat rahbari.
Izoh (0)