O‘tgan 25 yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti qariyb 6 barobar o‘sdi, yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari esa oxirgi 11 yil davomida 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelmoqda. Bu haqda Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston xalqiga mustaqillikning 25 yilligi munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida aytildi. Tabrik matnini O‘zA taqdim etdi.
“Tarixan qisqa davrda O‘zbekiston ilgarigi o‘zini boqishga, o‘zini himoya qilishga qurbi yetmagan, iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi halokatli tus olib, aholining hayot darajasi g‘oyat achinarli ahvolga tushib qolgan qoloq respublikadan bugungi kunda tez va barqaror sur’atlar bilan taraqqiy etib borayotgan, jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib o‘rin egallagan, qudratli davlatga aylanib bormoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, — ta’kidladi Islom Karimov.
“Mustaqillik yillarida iqtisodiyotimiz qariyb 6 barobar o‘sdi, uning tarkibida sanoatning ulushi 14 foizdan 34 foizga yetdi, jahon miqyosidagi global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotganiga qaramasdan, yalpi ichki mahsulotimizning o‘sish sur’atlari oxirgi 11 yil davomida kamdan-kam davlatlar qatorida 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelmoqda. Aytish kerak, 2016-yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilda ham o‘sish sur’atlarimiz bundan past bo‘lmaydi”, — qo‘shimcha qildi davlat rahbari.
Izoh (0)