Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li orqali joriy yil 11-iyuldan yuk poyezdlari o‘tishni boshlagan bo‘lsa, ayni kunlarda ushbu yo‘l orqali kuniga o‘ndan ortiq yuk poyezdlari harakati tashkil etilgan, qisqa muddatlarda esa ularning soni 20 taga yetkazilishi kutilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar bermoqda.
Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li orqali O‘zbekistonning boshqa hududlaridan vodiyga ham kerakli xomashyo mahsulotlarini yetkazib berish imkonini yaratmoqda. Temir karvonlarda asosan neft va neft mahsulotlari, kimyoviy mineral o‘g‘itlar Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga yetkazib berilayotgan bo‘lsa, Navoiy viloyatidan kvars qumlari “Quvasoykvars” korxonasiga olib kelinmoqda.
Bundan tashqari, vodiy viloyatlarida yetishtirilgan ho‘l meva mahsulotlari mamlakat ichki bozorlariga muntazam ravishda yetkazib berilyapti. O‘z navbatida, bu mahsulotlarni aynan temir yo‘l orqali sovitgich vagonlarida eksportga yuborish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Izoh (0)