Rossiyaning “MTS” kompaniyasi O‘zbekistondagi Universal Mobile Systems (UMS) mobil operatoridagi ulushini sotgani bois joriy yilning moliyaviy ko‘rsatkichlari prognozlarini tushirdi. Bu haqda, kompaniya bayonotiga asoslanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
Operator yil yakunlariga ko‘ra jamlanma tushum 2–3 foizga o‘sishini kutmoqda. Ilgarigi prognozga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 4 foizdan kam o‘sish namoyish etmasligi lozim edi.
Bundan tashqari, “MTS” yillik tuzatilgan OIBDA ko‘rsatkichi 4 foizga tushishini xabar qildi. Ilgarigi prognoz OIBDA minus ikki foizdan plyus bir foizgacha o‘zgarishga uchrashini bashorat qilgan edi.
Yillik OIBDA ko‘rsatkichlarining pasayishiga, shuningdek, makroiqtisodiy omillar hamda milliy valyutalarning beqaror kurslari, Ukrainada 3G tarmoqlarining qurilishi, boshqa shu’ba korxonalaridagi bizneslarning rivojlantirilishi ham ta’sir o‘tkazadi.
Guruhning kapital xarajatlari esa, oldingiday, 85 milliard rubl darajasida qoladi. Bu 2015-yilga nisbatan (96,1 milliard rubl) 11,6 foizga tushish demakdir.
Eslatib o‘tamiz, 5-avgust kuni “MTS” UMS qo‘shma korxonasidagi 50,01 foizga teng ulushini sotgani haqida ma’lum qildi. Aksiyalar paketi O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining “Radioaloqa, radiouzatish va televideniye markazi” davlat unitar korxonasiga realizatsiya qilindi. Keyinroq UMS muassislarning bu qarori kompaniya muvaffaqiyat bilan realizatsiya qilayotgan uzoq istiqbolli rivojlanish strategiyasiga ta’sir qilmasligini e’tirof etdi.
“MTS” UMS ko‘rsatkichlarini uchinchi chorakdan boshlab moliyaviy natijalar hisobotidan ajratib, alohida hisobot bandi sifatida taqdim etadi.
Izoh (0)