O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish va “Elektron hukumat”ni joriy etish sohasida O‘zbekiston – Janubiy Koreya hamkorligi forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirda ikki mamlakatning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, mas’ul xodimlari, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, savdo, sarmoya, iqtisodiyot, arxiv, intellektual mulk, ta’lim, sud-huquq kabi sohalarga ixtisoslashgan vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari, ilmiy tadqiqot markazlari vakillari, yetakchi ekspertlar ishtirok etdi.
Forumda mehmonlarga O‘zbekistonda “Elektron hukumat”ni joriy etish va davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish, AKT sohasini rivojlantirish, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Janubiy koreyalik mutaxassislar O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, texnologiyalar va infratuzilmalarni rivojlantirish, sohada kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi.
Tadbir ishtirokchilari davlat boshqaruvi sohasini yanada rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, elektron hujjat va axborot almashish, arxiv hujjatlarini saqlash, raqamlashtirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashdi.
O‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
“O‘zarxiv” agentligi bilan Koreya Respublikasi Milliy arxivi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va ichki ishlar vaziri Xon Yun Sukka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining Faxriy doktori unvoni topshirildi.
Izoh (0)