Ukrainalik bokschi Vladimir Klichko superog‘ir vazn toifasida WBC va WBO versiyalari bo‘yicha jahon chempioni britaniyalik Tayson Fyurini revansh jangi shartlarini o‘zgartirishga uringani uchun sudga beradi. Bu haqda Klichko Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Qadrli muxlislar. Fyuriga qarshi revansh jangiga oid so‘nggi xabarlarni sizlarga ma’lum qilaman. Afsuski, u jang uchun avvalroq imzolangan kelishuv shartlarini o‘zgartirishga urinmoqda va bu tinimsiz davom etadi. O‘z huquqlarimni himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga to‘g‘ri kelmoqda”, – dedi Klichko.
Klichko va Fyuri o‘rtasidagi revansh jangi shu yilning 9-iyul kuni Manchester shahrida bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo britaniyalik bokschi jarohat olgani uchun boshqa muddatga qoldirildi.
2015-yilning noyabr oyida Germaniyada o‘tkazilgan 12 raundlik jangda ochkolar bo‘yicha hakamlarning yakdil qarori bilan Tayson Fyuri Vladimir Klichko ustdan zafar quchgan hamda WBA, WBO va IBF titullarini qo‘lga kiritgandi. Keyinroq britaniyalik himoya jangini o‘tkazishdan bosh tortganligi uchun IBF kamaridan mahrum qilingandi.28 yoshli Tayson Fyuri professional ringda biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan. Uning hisobida 25 ta g‘alaba (shulardan 18 tasi nokaut bilan) mavjud. 40 yoshli Klichko professional faoliyati davomida 68 ta jang o‘tkazib, 64 tasida (shulardan 53 tasi nokaut bilan) zafar quchgan va 4 ta jangda mag‘lubiyatga uchragan.
Izoh (0)