Yengil atletika bo‘yicha Rossiya ayollar terma jamoasi sprinter Yuliya Chermoshanskayaning doping namunasi ijobiy natija bergani uchun Pekin–2008 Olimpiada o‘yinlarining 4x100 metr estafeta bahslarida qo‘lga kiritgan oltin medaldan mahrum etildi. Bu haqda Xalqaro olimpiya qo‘mitasining bayonotida ma’lum qilindi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Mazkur qaror Pekin–2008 Olimpiadasida olingan doping namunalarning qayta tekshirilganidan so‘ng zudlik bilan kuchga kirdi. Chermoshanskayaning doping namunasida ikkita taqiqlangan preparat – stanozolol va turinabol aniqlangan.
Chermoshanskaya bilan birga estafetada Yevgeniya Polyakova, Aleksandra Fedoriva va Yuliya Gushchina ishtirok etgan. Qaror kuchga kirgan kundan boshlab Rossiyaning 4x100 metrga yugurish termasi rasman diskvalifikatsiya qilindi. Belgiya termasi mazkur estafetada ikkinchi, Nigeriya uchinchi, Braziliya esa to‘rtinchi o‘rinni egallagan edi.
Rossiya olimpiya qo‘mitasi medallarni Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga qaytarishi kerak.
Izoh (0)