Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti tizimlarini ta’mirlash va modernizatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. Issiqlik energiyasi sarfini tejash maqsadida eskirgan issiqlik tarmoqlari almashtirilib, qozon va nasos uskunalari ta’mirlanmoqda, deya xabar bermoqda O‘zA.
Toshkentda markaziy issiqlik ta’minoti tizimiga ulangan 13 mingdan ziyod bino mavjud. “Toshissiqquvvati” unitar korxonasi ishlab chiqarish birlashmasining ma’lum qilishicha, shahar issiqlik ta’minoti tarmoqlarini kuz—qish mavsumiga tayyorlash ishlarini nazorat qilish tizimi takomillashtirilmoqda.
Bu borada mahalliy qozonxonalar faoliyatiga alohida e’tibor qaratilgan. Ayni paytda oltita qozon yangisiga almashtirilib, 10 qozon kapital ta’mirlandi, 379 qozonxonada joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Issiqlik energiyasini tashishda uning sarfini kamaytirish maqsadida 23,1 kilometrlik issiqlik tarmoqlari qayta yotqizildi. Bundan tashqari, 387,2 kilometrlik issiqlik tarmoqlari kanali kapital ta’mirlandi, 80,5 kilometrlik havo issiqlik tarmog‘i quvurlarining issiqlik izolatsiyasi qayta tiklandi, 4 nasos stansiyasida kapital ta’mirlash ishlari yakunlandi.
Energiya va resurs tejash maqsadida Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Olmazor va Yunusobod tumanlarida ko‘p qavatli turar joylar, ta’lim va maktabgacha ta’lim muassasalari, sport va ijtimoiy obyektlar ulangan mahalliy kichik qozonxonalarni qurish ishlari davom ettirilmoqda. Binolarni isitadigan yagona issiqlik kompleksi bo‘lgan ushbu qozonxonalar bevosita isitiladigan obyektlar yaqiniga joylashtirilmoqda.
“Toshissiqquvvati” unitar korxonasi ishlab chiqarish birlashmasining tuman boshqarmalari tomonidan issiqlik tarmoqlaridagi nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Har bir tumanda nosozliklarni tezkor bartaraf etish uchun barcha zarur uskunalar bilan ta’minlangan va kunu tun ishlaydigan avariya-qayta tiklash brigadalari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, issiqlik tarmoqlaridagi nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish, qidiruv vaqtini qisqartirish maqsadida issiqlik sirqib ketish joylarini aniqlaydigan ko‘chma laboratoriya ishlamoqda.
Izoh (0)