O‘zbekistonda 2017-yilgacha jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari yalpi xatlovdan o‘tkaziladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” hukumatning 3-avgustdagi qarori (pdf)ga tayanib.
Hujjatda ta’kidlanishicha, xatlovdan maqsad kadastr hisobiga olishni takomillashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlaridan foydalanganlik uchun asoslangan soliq solinishini ta’minlash va boshqalardan iborat.
Shuningdek, bu “Elektron hukumat” tizimi doirasida “Kadastr va ko‘chmas mulkni ro‘yxatga olish tizimlarini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish uchun ham zarurdir.
O‘tkazilgan xatlov natijalari bo‘yicha tuman (shahar) davlat soliq xizmati organlariga jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk obyektlari to‘g‘risida axborot beriladi.
Xatlov davomida yer uchastkalari, binolar, inshootlar va ko‘p yillik daraxtzorlarning egalari, ulardan foydalanuvchilar, ijarachilari va mulkdorlari, o‘zboshimchalik bilan egallangan va qurilgan imoratlar aniqlanadi.
Ishchi guruh xatlov jarayonida ko‘chmas mulk obyektlarini tekshirish, yer uchastkasini suratga olish, bino va inshootlarning tashqi va ichki o‘lchamlarini o‘lchash huquqiga ega.