O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) Jahon ko‘krak suti bilan boqish haftaligiga bag‘ishlangan matbuot anjumanini o‘tkazdi. Bu haqda “Daryo”ga YuNISEF matbuot xizmati xabar berdi.
Butun dunyodagi yosh bolalarni ko‘krak suti bilan boqish va salomatliklarini yaxshilash masalalarini ilgari surish uchun 170 dan ziyod mamlakat Jahon ko‘krak suti bilan boqish haftaligini har yili 1-avgustdan 7-avgustgacha nishonlaydi. 2016-yildagi ushbu haftalikning mavzusi — “Ko‘krak suti bilan boqish — barqaror rivojlanish negizi”. Tadbirning asosiy maqsadi Barqaror rivojlanishning yangi maqsadlari va ular chaqaloqlar va erta yoshdagi bolalarni ko‘krak suti bilan boqishga naqadar bog‘liqligi yuzasidan odamlarga axborot berishdan iborat.
“Keyingi yigirma yil davomida YuNISEF O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda. Jumladan, mamlakatda ona va bola salomatligini muhofaza qilish sohasida bolalar va ayollar huquqlarini amalga oshirishda jiddiy taraqqiyotga erishilgan, — deb ta’kidladi YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Berina Arslanagich-Ibishevich. — YuNISEF faqat ko‘krak suti bilan boqish patronaj hamshiralarining tashriflari rejasi qamrab olgan muhim amaliyotlar qatoriga kiritilganligini mamnuniyat bilan ta’kidlaydi”.
Jahon ko‘krak suti bilan boqish haftaligi O‘zbekistonning barcha mintaqalarida keng nishonlanmoqda. Tibbiyot xodimlari, oilalar va hamjamiyat tomonidan bolaga nisbatan do‘stona shifoxonalarni sertifikatlash, ota-onalar uchun brifing va maslahatlar o‘tkazish, onalarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash guruhlari uchrashuvlarida muhokamalar uyushtirish kabi tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Bolaga nisbatan do‘stona shifoxonalar tashabbusini (BNDShT) faol qo‘llab-quvvatlaydi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatning 96 ta sog‘liqni saqlash muassasalari BNDShT sertifikatlariga ega. Yana ikkita shifoxona — Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi viloyat perinatal markaziga hamda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherilik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangandagi filialiga ushbu hafta davomida bolaga nisbatan do‘stona tibbiyot muassasasi sifatida tan olinganligi yuzasidan sertifikat taqdim etiladi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va YuNISEF hamjamiyatlarda faqat ko‘krak suti bilan boqishni ilgari surish masalalarida tibbiyot xodimlarining salohiyatini rivojlantirish maqsadida samarali hamkorlikni davom ettirmoqdalar. Qo‘shma loyihani amalga oshirish jarayonida mamlakatning barcha mintaqalarida faoliyat yurituvchi 3800 ga yaqin tibbiyot xodimlari faqat ko‘krak suti bilan boqishning afzalliklari bo‘yicha kerakli maslahatlar berishga o‘rgatildi. Bu amaliyot onalar va oilalarning boshqa a’zolari o‘rtasida ko‘krak suti bilan boqishni ilgari surishda hamshiralar salohiyatini oshirishga xizmat qildi.
O‘zbekistonda 2015-yilda faqat ko‘krak suti bilan boqishning o‘rtacha darajasi 54,4 foizni tashkil qilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, bu masalada eng yuqori ko‘rsatkichlar Buxoro viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan — 60 foizdan yuqori.
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda onalar tug‘ruqxonalardan chiqayotgan davrda faqat ko‘krak suti bilan boqish amaliyoti darajasi 90 foizdan ortiqni tashkil qiladi. Shunday bo‘lsada, keyingi oylarga borib ushbu ko‘rsatkich kamayib boradi.
Izoh (0)