BMT bosh kotibi Pan Gi Mun barcha mamlakat va mojarolar ishtirokchilarini zudlik bilan qurolli ixtilofda bolalarni himoya qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni qo‘llashga chaqirdi, deb xabar bermoqda “TASS”.
2-avgust, seshanba kuni Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Pan Gi Mun Iroq, Yaman, Nigeriya, Suriya, Somali, Janubiy Sudandagi bolalar hayoti jahannamga o‘xshash ekanini ta’kidladi.
“Ko‘p hollarda vaziyat yomonlashib bormoqda. Suriyada mojaro boshlanganidan buyon minglab bolalar o‘ldirildi. Millionlab bolalar butun umrga majruh bo‘ldi”, – dedi BMT bosh kotibi. Uning ma’lum qilishicha, 2015-yilda voyaga yetmagan bolalarning so‘nggi olti yil ichida eng ko‘p qurbonlari Afg‘onistonda qayd etildi. Somalida esa bolalarning huquqi buzilishi holatlari bir yilda 50 foizga oshdi.
Pan Gi Mun Yaman hukumatini qo‘llab quvvatlayotgan Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya va shia isyonchilari o‘rtasida davom etayotgan mojaroga alohida e’tibor qaratdi. BMTning ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yilga nisbatan 2015-yilda bolalar o‘rtasida qurbonlar soni olti martagacha oshdi. Halok bo‘lganlar soni 785, jarohat olganlar soni esa 1168 nafarni tashkil etdi.
Izoh (0)