JV Man Auto Uzbekistan qo‘shma korxonasining Samarqanddagi servis va dilerlik markazida og‘ir yuk ko‘taruvchi MAN transport vositalari uchun kabinalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yangi texnologiyalarni joriy etishga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbir “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tashkil etildi.
“Davlatimiz rahbari qarorida belgilab berilgan imtiyoz va keng imkoniyatlardan foydalanib, Man Truck&Bus AG sa’y-harakatlari bilan korxonamizda tayyorlanayotgan MAN og‘ir yuk ko‘taruvchi transport vositalari uchun yiliga 3 ming dona kabina ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha loyihani amalga oshirdik, — dedi JV Man Auto Uzbekistan yangi loyihalar va mahalliylashtirish departamenti direktori Oybek Ayubov brifingda. — Buning uchun zavodimizga Germaniya, Italiya va boshqa davlatlardan yangi, zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. Xodimlarimiz xorijda bilim va malaka oshirib qaytdi”.
Kabina ishlab chiqarish jarayoni payvandlash, bo‘yash va yig‘ish siklida amalga oshiriladi. Kabinaning metall panellari Xitoydagi Sinotruk Import&Export Co Ltd kompaniyasi tomonidan yetkazib beriladi va korxonada payvandlanadi. So‘ngra Samarqand avtomobil zavodi bo‘yash sexi bazasida yemirilishga qarshi qatlam surilib, bo‘yaladi. Bo‘yalgan kabinalar JV Man Auto Uzbekistan qo‘shma korxonasiga keltirilib, ichki va tashqi jihozlarini o‘rnatish kabi so‘nggi yig‘uv ishlari bajariladi.
Mazkur loyihani amalga oshirish bilan korxonada 50 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Bu ish joylarida asosan avtomobilsozlik yo‘nalishidagi kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlar mehnat qilmoqda.
Kabinalarni seriyali ishlab chiqarishga joriy yilning sentabr oyidan kirishiladi.
Izoh (0)