Olimpiada va Paraolimpiya o‘yinlari vaqtida yuzga yaqin konsert va shoular tashkil etiladi. Bu haqda “TASS” Braziliya turizm vaziri Antoniu Pedru Figeyra di Melluning so‘zlariga tayanib xabar berdi.
“Biz mahalliy aholi va turistlarga olimpiya atmosferasini sovg‘a qilishni istaymiz. Butun dunyoda Rio-de-Janeyroni bayramlarni tashkil qilishni qoyillatadigan shahar sifatida bilishadi. Biz esa buni yana bir karra namoyon etmasdan turolmaymiz”, — dedi turizm vaziri.
Shou va konsertlar namoyish qilish uchun Rio-de-Janeyroning qayta ta’mirdan chiqarilgan port zonasi tanlab olindi. Bayram namoyishlari sal kam uch kilometr masofaga cho‘zilgan va olimpiya hiyoboni maqomini olgan maskanda tashkil etiladi. Unga tashrif buyurish barcha istovchilar uchun erkin va bepul bo‘ladi.
234 nafar artist ishtirok etishi ko‘zda tutilgan ko‘ngilochar bayram tadbirlari tonggi 9:00 dan boshlanib, yarim tunga qadar davom etadi. Har kuni kechki o‘nda Muzey binosi oldidan mushakbozlikni tomosha qilish imkoniyati bo‘ladi. Kunduz kuni havo sharida 150 metr balandlikka ko‘tarilib, shaharni tomosha qilish yoki 40 metr balandlikdan “tarzanka”ga sakrash uchun sharoitlar yaratiladi.
Olimpiya hiyoboniga musobaqalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qiluvchi ulkan teleekranlar o‘rnatish rejalashtirilgan. XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari 5—21-avgust kunlari oralig‘ida tashkil etiladi.
Izoh (0)