Moskvalik Aleksey Samorukov bir hafta davomida dunyoni larzaga keltirgan ikki voqeaga bevosita guvoh bo‘ldi — dastavval u Nitssadagi teraktni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi, so‘ng Turkiyadagi harbiy to‘ntarish voqealari girdobida qoldi. U tasodifan omon qoldi, deb xabar beradi “RIA Novosti”.
Samorukov Moskvadan Parijga uchdi, u yerdan Milanga, so‘ng Sen-Tropega bordi.
“Nitssadan o‘tayotganimda qotilning yuk mashinasi katta tezlikda ko‘chadan o‘tayotgan edi. Keyinroq yangiliklardan fojia joyida bo‘lganimni bildim”, — hikoya qiladi turist.
Erkak kerakli yo‘lni qidiraman deb adashib qolgani uchungina omon qoldi. Yuk mashinasi haydovchisi Bastiliya qulashi kuni sharafiga uyushtirilgan mushakbozlikni tomosha qilish uchun sohilbo‘yida to‘plangan odamlarni urib ketib, 84 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
Ertasiga, 15-iyul kuni Aleksey kechki reys bilan Istanbulga yo‘l oldi. U yerdan turist Moskvaga qaytishni rejalashtirgan edi. U samolyotdan tushganida muassasaning birorta xodimi yo‘qligiga, odamlar binoni pala-partish tark etayotganiga e’tibor berdi.
“Otaturk aeroportida transfer reysiga qayerdan minishimni so‘ramoqchi edim, ammo birorta xodimni topa olmadim, axborot tablolari ishlamayotgan edi. Parvozlar ham to‘xtatilgan, hammasi boshlangan edi”, — deydi sayyoh.
Shunda kuchli portlash ovozlari eshitilib, ikkinchi qavat oynalari chil-chil bo‘ldi, osmondan qiruvchilar o‘ta boshladi. Bino atrofida mahalliy aholi vakillari to‘plana boshladi.
Xodimlar yo‘qligi bois yo‘lovchilar o‘zlari bilgancha vaqt o‘tkaza boshladi. Samorukov Rossiya konsuli kelguniga qadar aeroportni ko‘zdan kechirishga qaror qildi. Dastavval u biznes-klassning kutish zaliga kirib, ovqat va suv topishga urindi.
“Ovqat qolmagandi, ikkita muzlatkichda yaxna ichimliklar bor edi xolos”, — deb eslaydi rossiyalik sayyoh.
Do‘stlari og‘ir damda Samorukovni yolg‘iz qoldirmay, unga dalda beruvchi xabarlar jo‘natib turdi.
“Aerodromda sayr qilar ekanman, — so‘zida davom etadi u, — yuk shatagi turganini ko‘rib qoldim. Hayotda bunaqasi bir marta bo‘ladi, degan qarorga kelib, unda uchdim. Mashinani o‘t oldirib, samolyotni aylandim va shatakni o‘z joyiga qo‘ydim. Kabinadan chiqqanimda, men olqishlar bilan kutib olishdi”.
Ertasiga aeroportga xodimlar qaytib keldi, konditsionerlar ishlay boshladi, qahvaxona ochildi. Ko‘plar chipta almashtirish uchun to‘rt soatlab navbatda turdi. Sayyohlar o‘z hisoblaridan ovqatlanishga majbur bo‘lgani bois qahvaxona zaxiralari tezda bitdi, ovqat yetib kelishini kutuvchilar yana katta navbat hosil qildi.
“ Barcha rossiyalik turistlar mehmonxonalarga bepul joylashtirildi. Aeroportdan mehmonxonagacha bo‘lgan yo‘l bir yarim soat vaqt oldi, aslida esa bunga 20 daqiqadan ko‘p vaqt ketmasligi kerak edi — mitingga to‘plangan istanbulliklar avtobus yo‘lini to‘sib qo‘ygan edi”, — deydi Aleksey.
Ushbu murakkabliklarga qaramay, Aleksey Samorukov eson-omon Moskvaga qaytib kelishga muvaffaq bo‘ldi.
“Hayotimda shunchalik ko‘p murakkab vaziyatlarga tushganmanki, hatto qo‘rqmadim ham. Aksincha, zavqlandim. Ikki joydayam murakkab vaziyatga tushib qolganim xotira bo‘lib qoldi”, — deb so‘ziga yakun yasadi u.
Izoh (0)