Olmaota politsiya gornizoni xodimlari bir kunlik ish haqini kuni kecha terrorchilik hujumi oqibatida halok bo‘lgan hamkasblari oilalari hisobiga o‘tkazadi. Bu haqda Olmaota ichki ishlar departamenti matbuot xizmati ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Interfaks”.
Ostona ichki ishlar departamenti boshqaruv tarkibi ham o‘zining bir kunlik ish haqini halok bo‘lgan xodimlar — politsiya kapitani Bauirjan Nurmaxanbetov, politsiya kichik serjanti Maksat Salimbayev va politsiya starshinasi Ayan Galiyevning oilalari hisobiga o‘tkazadi.
Oldinroq Olmaotadagi otishmalarda halok bo‘lganlarning oilasiga 15 million tenge (45 ming dollar), jabrlanganlarga 5 million tengedan (15 ming dollar) moddiy yordam ajratilishi xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 18-iyul kuni Olmaotada noma’lum shaxslar Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Olmaota shahar departamenti va shaharning Almali tumani politsiya departamenti binolariga hujum uyushtirgan edi. Oqibatda besh kishi, jumladan, uch nafar politsiyachi halok bo‘ldi. Sakkiz kishi yaralandi, ulardan olti nafari politsiya xodimidir.
Izoh (0)