Moskvaning “Vnukovo” aeroportida sodir bo‘lgan aviahalokatda Fransiyaning Total kompaniyasi rahbari Kristof de Marjerining halok bo‘lishi yuzasidan olib borilayotgan ishda javobgar sifatida ko‘rilayotgan shaxslarning advokatlari ish prokuraturaga qaytarilishini so‘radi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Gumondorlardan biri — Roman Dunayevning advokati Leonid Kuragin bergan ma’lumotga ko‘ra, ularning so‘rovi tufayli sud ishning ko‘rib chiqilishini 15-iyulga, mahalliy vaqt bilan soat 11:00 ga qoldirgan.
Moskvaning Solnsevsk tuman sudi ishni 14-iyul, payshanba kunidan ko‘rib chiqa boshlagan edi. Jinoiy ish bo‘yicha aerodrom va dispetcherlik xizmatlari xodimlari — dispetcher Nadejda Arxipova, parvozlar rahbari Roman Dunayev, dispetcher Aleksandr Kruglov, yetakchi muhandis — foydalanish bo‘limi navbat rahbari Vladimir Ledenev va qor yig‘ishtirish mashinasi haydovchisi Vladimir Martinenko gumondor hisoblanmoqda.
2014-yilning 21-oktabriga o‘tar tunda Fransiyaning Total neft-gaz kompaniyasi rahbari Kristof de Marjeri xorijiy investitsiyalar bo‘yicha konsultatsion yig‘ilishdan qaytayotgan edi. Top-menejer borti — Falcon havo kemasi maxsus texnika avtomobiliga tegib ketib, olov oldi va quladi. Samolyot butunlay yonib ketdi, ichkaridagi odamlarni qutqarishning imkoni bo‘lmadi. Fojia oqibatida Kristof de Marjeri hamda ekipajning uch a’zosi halok bo‘ldi. Samolyot tegib ketgan qor kurash mashinasi haydovchisiga zarar yetmadi.
Izoh (0)