Qirg‘izistonlik futbolchi Viktor Mayer Gollandiya quyi ligasi ishtirokchisi “Emmen” klubi bilan ikki yillik shartnoma imzoladi, deb xabar berdi “Championat.asia”
Viktor Mayer bunga qadar Germaniyaning mintaqaviy ligalaridan birida to‘p suruvchi “Meppen” klubi sharafini himoya qilgandi.
Viktor Mayerning Qirg‘iziston terma jamoasidagi debyut o‘yini JCh—2018 2-saralash bosqichi doirasida Bangladeshga qarshi kechgan bo‘lib, o‘shanda qirg‘izistonliklar 3:1 hisobida zafar quchgan. Uning Bishkek shahridagi birinchi uchrashuvi Avstraliyaga qarshi bo‘lib o‘tgan — 1:2.
Qozog‘istonning “Sports.kz” nashriga intervyu bergan Viktor Mayer Qirg‘izistonning Kant shahrida tug‘ilgani haqida aytgan. Uning oilasi bolaligida Germaniyaga ko‘chib ketgan. Qirg‘iziston Futbol Federatsiyasidan tushgan taklif esa nafaqat uni, balki qirg‘izistonlik onasini juda xursand qilgan. O‘g‘lining Qirg‘iziston terma jamoasi safidagi Avstraliyaga qarshi o‘yinini ona va Mayerning qizi stadiondan kuzatib borgan.
Viktor Mayer 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon Chempionatida Germaniya sharafini himoya qilgan. O‘sha vaqtda u “Gamburg”ning ikkinchi jamoasida to‘p surgan.
Qirg‘izistondan tashqari Qozog‘iston ham shu mamlakatda tug‘ilib, keyinchalik Germaniyaga ko‘chib ketgan va nemis futboli maktabida tarbiya topgan uch nafar futbolchini terma jamoaga jalb qilishga erishdi.
Avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida asli Olmaliq shahrida tug‘ilgan, keyinchalik oialasi Germaniyaga ko‘chib ketgan 19 yoshli futbolchi Valdemar Anton paydo bo‘lishi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Shundan keyin O‘zbekiston milliy terma jamoasi Germaniyaga yon qo‘shni bo‘lgan Avstriyada ikki bor yig‘in o‘tkazdi, Valdemar Anton masalasi esa ochiqligicha qoldi.
Izoh (0)