AQShda prezidentlik lavozimi uchun yetakchi nomzodlar Hillari Klinton va Donald Tramp 8-iyul, juma kuni Dallasdagi hodisalar tufayli o‘z kampaniyalarini to‘xtatib turishini e’lon qildi. Bu haqda respublikachilar va demokratlarning saylovoldi shtablari vakillari ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Interfaks”.
8-iyul kuni AQSh prezidenti Barak Obama Dallasda o‘ldirilgan besh nafar politsiyachiga motam belgisi sifatida davlat bayroqlarini tushirishga buyruq berdi.
Farmoyishga ko‘ra, bayroqlar 12-iyul, seshanba kuniga qadar Oq uy binosi, shuningdek, AQShning barcha jamoat muassasalarida va maydonlarida tushirilgan holda qoladi.
7-iyul kuni Dallasda politsiya zo‘ravonligiga qarshi norozilik harakatida snayperlar politsiya xodimlariga qarata o‘t ochdi, natijada to‘rt politsiyachi va temir yo‘l xizmati ofitseri halok bo‘ldi, yana yetti kishi yaralandi. Politsiya uch nafar gumonlanuvchini qo‘lga oldi, to‘rtinchisi esa huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan portlatib yuborildi.